Kutubxonada Navro‘z
14-15 Mart
Navro‘zni ko‘tarinki ruhda, xilma-xil va chin qalbdan kutib olamiz: amfiteatrda doira va xorazmcha taronalar yangraydi, hovlida atirgullar ochilib, varraklar uchadi, hamma bayram liboslarini kiyib ko‘radi, o‘yin-kulgiga sherik bo‘ladi va taronalar kuylaydi. Biz sozandalar, aktyorlar, san’atshunoslar, rassomlar, xor jamoalari, dizaynerlar va bog‘bonlarni bahor shamolining esishini birgalikda kuzatish, tumor yasash, hushtaklar chizish, yomg‘ir chaqirish qo‘shig‘ini o‘rganish, sochlarga kokil o‘rish, an’anaviy san’atga razm solish hamda undan o‘zimiz uchun nimadir kashf eishga taklif qildik. Dasturdan konsertlar, mahorat darslari, qo‘shiqlar, raqslar joy olgan. Marhamat, kelinglar!
14-mart
Xiyobonda musiqa
Bahor fasli va bayramni an’anaviy musiqa sadolari ostida kutib olamiz: kutubxona oldidagi xiyobonda kun bo‘yi dutor, rubob, nay, karnay va surnay yangraydi.
Fransuz kitob to‘garagi
“Au début vole une abeille” kitobini — ko‘klamning ilk belgilari, tabiatning uyg‘onishi va qishdan keyin dunyoni kashf etgan kichkina asalari haqidagi hikoyani mutolaa qilamiz. O‘qib bo‘lgach, qog‘ozdan origami-gullar yasaymiz. Uchrashuv Toshkent Fransuz Alyansi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Bog‘ yaratamiz
Kutubxona hovlisi qishgacha yashnab, kitobxonlarni quvontirib turadigan ko‘klam atirgul bog‘iga aylanadi. “GOODVEEN” Gullar uyi jamoasi bilan birgalikda yer yumshatamiz, ko‘chatlar uchun chuqurchalar tayyorlaymiz va atirgul butalarini ekamiz. Atirgullarga kutubxona bog‘boni parvarish qiladi, qish kelganda esa ular kutubxona oldidagi xiyobonga ko‘chirib o‘tkaziladi.
Shamolparrak o‘yinchoqlar ustaxonasi
Navro‘z kunlari hovlilar kulgiga, o‘yinga va deyarli uzluksiz harakatga to‘ladi. Kichkintoylar va ota-onalar bilan birga ko‘klam shamolidan jonlanadigan yorqin shamolparraklar yasaymiz va ularni darhol amalda sinab ko‘ramiz.
Bayramona liboslar ustaxonasi
Shodiyonaga tayyorgarlik ko‘ramiz va an’anaviy ust-bosh unsurlari — do‘ppi, sochpopuk, belbog‘ va nimchalarni ijodiy o‘rganamiz. Namat va qog‘oz bilan ishlab, ularni munchoqlar, tasmalar hamda bezak unsurlari bilan boyitamiz, an’anaviy libosning o‘ziga xos jihatlari bilan tanishamiz.
Sahna nutqi to‘garagi
Navro‘z bayrami paytida an’anaviy yangraydigan o‘zbekcha sanoq qo‘shiqlari va payrov o‘yinlarni o‘rganamiz — qisqa, maromli matnlar bilan tanishamiz. So‘zlar va marom bilan o‘ynab, kichik sahna miniatyuralarini yaratamiz. Muloqot tili: o‘zbek va rus tillari
RO‘YXATDAN O‘TISH ochiladi 9.03 - 10:00
Xor qo‘shiqchiligi bo‘yicha mahorat darsi
Tabiat udumlari va jamoaviy kuylash bilan bog‘liqlikni saqlab qolgan o‘zbekcha yomg‘ir chaqirish marosimi qo‘shig‘ini yod olamiz. Reyngold Moritsevich Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi xor dirijyorligi bo‘limi boshlig‘i va xormeyster Aziza Hakimova boshchiligida jo‘r bo‘lib kuylashga (notalarga qarab va notalarsiz) urinib ko‘ramiz.
Nigina Mirzajonova ishtirokida tumorlar ustaxonasi
Tumor – an’anaviy taqinchoq va himoya ramzi bo‘lib, unda hunarmandchilik shaxsiy tarix bilan uyg‘unlashadi. Rassom Nigina Mirzajonova boshchiligida mato, munchoq va iplardan to‘qimachilik tumorlarini yaratamiz. Niginaning amaliyoti kundalik buyumlarning madaniy tili hamda xotirasiga murojaat etib, ularni his-tuyg‘ular, taassurotlar va holatlar koshinlariga aylantiradi.
“Shukrona” dutorchilar ansamblining konserti
Dutor — Markaziy Osiyoning eng she’riy cholg‘ularidan biri bo‘lib, uning mayin ikki torli sadosi asrlar davomida og‘zaki an’analar, qo‘shiqlar va afsonalarga jo‘r bo‘lib kelgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Ziyoyeva va Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farangiz Mahmudova rahbarligida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talaba qizlari xalq va mumtoz asarlarini ijro etadi.
Stol o‘yinlari to‘garagi
“Besh tosh” kabi an’anaviy ko‘cha o‘yinlarini shashka va loto qatorida stol o‘yinlari shaklida qayta kashf etamiz. Bunday o‘yinlar turli avlodlar — bolalar va o‘smirlar, ota-onalar hamda bobo-buvilarni bir stol atrofida birlashtiradi.
RO‘YXATDAN O‘TISH ochiladi 9.03 - 12:00
Serafim Dim bilan erkin ijod ustaxonasi
Navro‘z bayramida bolalarga bahor, qushlar va yomg‘irni chaqirish uchun sovg‘a qilingan xushtaklar, qadimiy sopol hushtakchalar tasvirlarini to‘qimachilik matolariga chizamiz. An’analar haqida suhbatlashamiz, hunarmandchilikning afsonaviy posboni Ajdaho haqida xayol suramiz va ramzlarni matodagi yangi hikoyalarga ko‘chiramiz.
O‘zbekistonning nabotot naqshlari haqida ma’ruza
Naqsh — O‘zbekiston amaliy san’atining turli an’analarini birlashtirgan vizual kod. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Ravshan Fatxullayev bilan birga naqsh shakllari vaqt o‘tgani sari qanday o‘zgarganini, badiiy tasvirlar esa hunarmandchilik turlari va hududlar bo‘ylab qay tarzda sayqallanganini ko‘rib chiqamiz.
Muloqot tili: o‘zbek va rus tillari
Qo‘g‘irchoq teatri
O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatrining kichkintoylar uchun “Karvonsaroy” spektakli. Buxorolik qo‘g‘irchoqlar sho‘x raqsga tushadi, qiziqchi milliy kurash sahnasini namoyish etadi, qo‘lqopli qo‘g‘irchoqlar esa qadimiy rivoyatlar bilan o‘rtoqlashadi.
Muloqot tili: o‘zbek va rus tillari
15-mart
Xiyobonda musiqa
Kutubxona oldidagi xiyobonda kun bo‘yi milliy an’anaviy torli va puflama cholg‘ular ansamblining musiqiy chiqishlari bo‘lib o‘tadi. Dutor, rubob, nay, karnay va surnay sadolarini tinglaymiz.
Bayramona liboslar ustaxonasi
Shodiyonaga tayyorgarlik ko‘ramiz va an’anaviy ust-bosh elementlari: do‘ppilar, qiyiqlar, belbog‘lar va nimchalarni tadqiq etamiz. Biz namat va qog‘oz bilan ishlaymiz, ularni munchoqlar, tasmalar va bezakli unsurlar bilan to‘ldirib, an’anaviy kostyumning xususiyatlari bilan tanishamiz.
Varrak yasash ustaxonasi
Varraklar yasab, ularga yorqin qog‘oz dumlar va tasmalar bilan bezaymiz, so‘ngra bahorgi osmonga uchiramiz. Kichik yoshdagi bolalar ota-onalari hamrohligida ishtirok etishlari mumkin.
Inglizzabon kitoblar to‘garagi
Elen Dryuverning “Bog‘ changalzori” kitobi bilan birga bog‘ bo‘ylab xayoliy sayohatga chiqamiz, bu bog‘ to‘satdan haqiqiy changalzorga aylanib qoladi. Atrofimizdagi tabiat haqida suhbatlashamiz va inglizcha yangi so‘zlar bilan o‘ynaymiz. O‘simliklar, hasharotlar va bahor bizga keltiradigan kichik kashfiyotlarni tasvirlaymiz.
Nigora Hoshimova bilan kashtachilik ustaxonasi
An’anaviy naqshlardan ilhomlanib, fetr matosidan to‘qimachilik kompozitsiyalarini yaratamiz. Dizayner Nigora Hoshimova bilan birgalikda ishtirokchilar oddiy kashta tikish usullarini sinab ko‘radilar, bezak elementlarini qo‘shadilar hamda o‘z ishlarini uy bezagi sifatida saqlash yoki yaqinlariga sovg‘a qilish mumkin bo‘lgan kichik pannolar shaklida rasmiylashtiradilar.
Shaxmat musobaqasi
“Aql charxi” bellashuvlari g‘olib va sovrindorlari ishtirokidagi blits-musoqaba. Musobaqada ishtirok etish uchun o‘yin qoidalarini yaxshi bilish va partiyani dadil o‘ynay olish ko‘nikmasi zarur. Bellashuv o‘ziga ishongan o‘yinchilarga mo‘ljallangan. Musobaqa maxsus mehmoni — O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov.
Kompyuter savodxonligi to‘garagi
Ta’lim olish jarayoni va kundalik hayotda yordam beradigan kompyuter hamda raqamli xizmatlardan yanada ishonchli foydalanishni o‘rganamiz. Uchrashuvda texnologiyalar bayram an’analarini saqlab qolish va yetkazishga, yaqinlar bilan muloqot qilish va Navro‘z quvonchini onlayn tarzda ulashishga qanday ko‘maklashishi haqida suhbatlashamiz.
Jenya Kim boshchiligida oilaviy tabriknomalar tayyorlash ustaxonasi
Dizayner Jenya Kim bilan birga tabriknomalar yaratamiz. Biz mualliflik andazalari va botanik nusxali vintaj matolar bilan ishlaymiz, tutash nuqtalar va mayin fakturalarni yaqinlarimizga samimiy dil so‘zlari bilan bog‘laymiz.
O‘zbek raqsi bo‘yicha mahorat darsi
O‘zbek raqs san’atining ifodaviy vositalari — qo‘l plastikasi, tana harakati, imo-ishora ramzlari bilan “Bahor” ansambli san’atkorlari jo‘rligida, doira sadolari ostida tanishamiz.
Xitoy kitob to‘garagi
Chin yurtida bahor qanday kutib olinishini bilib olamiz, xitoy tilida bir-birimizni Navro‘z bilan tabriklashni o‘rganamiz, tabiat va yangilanish haqidagi so‘zlarni yodlab, “Xitoy tilini o‘rganishning oson yo‘llari” kitobi bilan bahoriy iyeroglifli tabriknoma yaratamiz.
Oilaviy stol o‘yinlari to‘garagi
“Besh tosh” kabi an’anaviy ko‘cha o‘yinlarini shashka va loto qatorida stol o‘yinlari shaklida qayta kashf etamiz. Bunday o‘yinlar turli avlodlar — bolalar va o‘smirlar, ota-onalar hamda bobo-buvilarni bir stol atrofida birlashtiradi.
RO‘YXATDAN O‘TISH ochiladi 9.03 -12:00 da
Jo‘shqin o‘yinlar
An’anaviy o‘zbek o‘yinlari olamiga sho‘ng'iymiz va bo‘sh vaqtimizni qanday o‘tkazishimiz haqida tajriba almashamiz — “Laylak keldi” o‘yini bilan bahorni chorlaymiz, “Baliqchilar va baliqlar” orqali chaqqonligimizni sinaymiz va jo‘shqin “Oq terakmi, ko‘k terak?» o‘yinini yodga olamiz. Oddiy qoidalar, turli xil harakatlar va olam-olam zavq!
Akademik musiqa konserti
Dirijyor Aziz Zokirov boshqaruvidagi yosh musiqachilarning kamer orkestri o‘zbek kompozitorlari asarlarini ijro etishadi. Dasturdan yosh bastakor Saidmirzozoda Muhamedovning shu yil boshida premyerasi bo‘lib o‘tgan “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” baletidan parchalar ham o‘rin olgan.
Joylar soni cheklangan. Iltimos, @acdflibrary da roʻyxatdan oʻting.