Qidirbay Najimov. “Qoraqalpog‘iston” nashriyoti kitob grafikasi
Ushbu kichik ko‘rgazma asnosida O‘zbekistonga daxldor kitob rassomlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar turkumini davom ettiramiz hamda Nukusdagi eng yirik “Qoraqalpog‘iston” nashriyotining tasviriy uslubini o‘nlab yillar davomida shakllantirib kelgan ijodkorlardan birining nomini qaytaramiz. Qidirbay Najimov (1942–1995) asossiz ravishda unutilgan, holbuki u qoraqalpoq kitob illyustratsiyasining eng salmoqli rassomidir. U o‘ttiz yildan ortiq, 1963-yildan to vafotigacha “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida avval katta badiiy muharrir, so‘ngra bosh rassom bo‘lgan. Shu yillar davomida u yuzlab kitoblar: qoraqalpoq eposi va xalq ertaklari, rus mumtoz asarlari, Stivenson, Mitskevich, Abay tarjimalari hamda bolalar uchun o‘nlab nashrlarga bezak bergan. 1973-yildan Rassomlar uyushmasi a’zosi, Berdaq nomidagi respublika mukofoti sohibi.
Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan ishlarning aksariyati grattaj (fransuzcha “gratter” — tirnamoq, qirmoq) usulida bajarilgan. Bunda qog‘ozga avval mum, keyin qora siyoh surtiladi; qurigan yuzaga o‘tkir asbob yordamida naqsh tirnab chiqiladi. Ustki qatlam olingan joyda och rangli asos ko‘rinib qoladi — qora fondagi oq va kulrang chiziqlar bosma dastgohsiz gravyuraga o‘xshab ketadi. Ushbu usul hatto arzon matbaa vositalarida ham yaxshi chiqadi: ingichka chiziq yo‘qolib ketadigan joyda ham tusli dog‘ bosib chiqarish jarayonida o‘z holatini saqlab qoladi.
Najimov grafikasidagi asosiy tasviriy usul — bo‘rtib chiquvchi shakldir: bu yerda shakl fakturadan ajralib turadi, inson qiyofasi shunchaki tashqi chiziqlar yordamida chizilmagan, balki ulardan yasalgan bo‘ladi. Zulmat va ochiq fazo chegarasidagi yolg‘iz figura — qamish, suv, dasht, daraxt — uning asarlaridagi turg‘un ifodalardir. Bu lirik yolg‘izlik tufayli illyustratsiyalar har qanday aniq matndan ayri holda ham o‘z jozibasini yo‘qotmaydi. 1970–1980-yillar kitob grafikasiga xos muhit Najimov ijodiga ham ko‘chgan: bir xil takrorlanuvchi tasvirlar, xususan, ko‘za ko‘targan ayol, daryo manzarasi, chavandoz sharpasi — epos, ertak, tarjima nasr, bolalar adabiyoti kabi turli janrlarga xizmat qila oladigan boy badiiy lug‘atni namoyon etadi. U har safar ishni yangidan boshlamay, balki kitob darhol o‘z ruhini topadigan tanish muhitni yaratgan.
Ijodiy ishlar kitobdan tashqarida — matnsiz, muqovasiz, muayyan nashr qog‘ozisiz, terish maydoni va ular yaratilgan matbaa muhitisiz taqdim etilgan. Najimov grafikasi dastlab bosma varaqning bir qismi sifatida ishlangan; materialning qarshiligi, qora rangning zichligi, chiziqning harakati, tasvir va matnning uyg‘unligini hisobga olgan. Uning tashqi tuzilishi umumiy kitob ansamblining bir qismi bo‘lgan: qora dog‘, tirnalgan chiziq, shrift, qog‘oz yuzasi va bosma nusxa izi birgalikda ishlagan. Tasvir sahifani ushlab turishi kerak bo‘lgan. Lekin kitobdan chiqarilgan bu ishlar o‘zgacha o‘qiladi. Matn va adad vazifasidan ozod bo‘lib, ular grafika va matbaa to‘qnashuvi lahzasi: tasvir qora maydondan qanday yaralishini, yorug‘lik sirtdan qirib chiqarilishini, kitob illyustratsiyasi mustaqil tasvir sifatida qanday yashay boshlashini ko‘rsatadi.
Bir tekis ranglar, qalin tashqi chiziqlar va naqshinkor bezaklarga boy yirik formatli asarlarda 1960-yillarning bolalar kitobi maktabi sezilib turadi, ammo u qoraqalpoq tasviriy an’anasi orqali qayta ishlangan. Grafik asosga rang qo‘shilgan joyda ohang ham o‘zgaradi: tasvir tezroq, jarangdor va xayoliyroq bo‘lib qoladi.
Ko‘rgazmada I. V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi (Nukus) to‘plamiga mansub asarlar hamda kutubxona xazinasidagi kitob illyustratsiyalari taqdim etilgan. Najimovning ijodiy ishlari bilan bir qatorda u bosh rassom bo‘lgan yillarda “Qoraqalpog‘iston” nashriyoti bilan hamkorlik qilgan boshqa mo‘yqalam ustalarining asarlari ham namoyish etilmoqda — bu ko‘p jihatdan uning muharrirlik faoliyati tufayli shakllangan umumiy badiiy muhitni ko‘rsatib berishga xizmat qiladi.
Kutubxona O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi hamda Nukus shahridagi Respublika bolalar kutubxonasiga ko‘rgazmani tayyorlashdagi ko‘magi uchun minnatdorchilik bildiradi.
Tarjimon: Nigora Rahimova
Muharrir: Shahobiddin Rasulov
Musahhih: Marhabo Aminova
Dizayner: Sabina Shernazarova
Muhofiz: Ivan Sorokin