Varraklar yasash — kengayib ulgurgan shaharlar ko‘chalari avaylab saqlab kelayotgan an’anadir. Tog‘larga tong sahardagi sayohatlar, aprelning iliq quyoshi, bolalik va yonimizda bo‘lgan insonlar haqidagi xotiralar Varraklar sayliga aylanib ketdi.
Sayl ketma-ket ikkinchi yil o‘tkazilmoqda. O‘tgan bahorda biz kutubxona xodimlari, do‘stlarimiz, qarindoshlar hamda mahalla bolalari bilan osmonda nuqtaga aylanadigan varrakni qanday va nimadan yasash haqida suhbatlashgandik. Eng yaxshi namunalarni to‘plash uchun Parkentga sayohatga bordik va u yerda ikkita ijodiy ustaxonani o‘tkazdik. Bu yil mehnatimiz mahsuli bilan bo‘lishishga tayyormiz. O‘nlab sinovlar, o‘lchovlar va ashyolar ustida o‘tkazilgan tajribalar ortda qoldi — mana endi yo‘riqnoma sizning qo‘lingizda!
ASHYOLAR:
- kalka qog‘oz;
- beshta egiluvchan qamish novdasi;
- yengil, pishiq ip g‘altagi;
- tasmalar;
- ikki tomonlama skotch;
- yelim.

Asosni tayyorlab olamiz. Qog‘oz varag‘ni ikki marta, so‘ng diagonaliga buklang.

Qamish shoxlarini bukish chiziqlari bo‘ylab ikki tomonlama skotch va qog‘oz yamoqchalar yordamida mahkamlang.

Varrakning markaziy nuqtasida igna bilan ikkita teshik qiling — ulardan birinchi ipni o‘tkazing va qog‘ozni qamish bilan bog‘lang. Ip varrakning yuqori nuqtasigacha yetib borayotganiga ishonch hosil qiling.

Ikkinchi ipni yuqori burchaklar orasiga shunday mahkamlangki, uning o‘rtasi varrak markazigacha yetsin.

Birinchi ipni ikkinchi ipga o‘rtasidan ulab, g‘altakdagi ip bilan bog‘lang.

Pastdan markazgacha tasma qo‘shing — bunday dum varrakning parvozda muvozanat saqlashiga yordam beradi.

Varrakni tasmalar, applikatsiyalar va rasmlar bilan bezating.

Qamishning gorizontal shoxlarini yoy shaklida bukib, ip bilan bog‘lang — bu varrakning shamol oqimini tutishiga yordam beradi.
Varrak tayyor!
Uni shahardan tashqaridagi tepaliklarda, shamolga hech qanday to‘siq bo‘lmagan joylarda uchirish ayni muddao.
Varrak uchirishga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
-
Ob-havo ma’lumotini kuzatib boring. Shamol bo‘lmasa, aerodinamikaning barcha qonuniyatlari bo‘yicha yig‘ilgan eng katta varrak ham uchib ketolmaydi.
-
Bosh kiyim va uzun yengli libos kiying. Quyoshdan himoyalanish uchun terini yorug‘ rangdagi yengil matolar bilan yopib qo‘yish kerak.
-
Barcha ochiq joylarga quyoshdan himoyalovchi krem surting. Buni unutmaslik, va hatto, havo bulutli bo‘lsa ham surtmani yangilab turish muhim. Ochiq joylarda va balandliklarda quyosh ayniqsa xavfli bo‘lishi mumkin.
-
Uchirib bo‘lgandan so‘ng varrakni uyga olib borib, barcha chiqindilarni yig‘ishtirib olish kerak. Agar varragingiz uchib, but-butun qaytgan bo‘lsa, uni keyingi safarga qoldirishingiz mumkin. Mabodo u shamol kuchiga bardosh bera olmagan bo‘lsa, uni ta’mirlash yoki tashlab yuborish uchun barcha qismlarini yig‘ib qo‘ying.
Varrak uchirish uchun mos keladigan shamol tezligi
-
0-4 km/soat — agar shoxlardagi barglar deyarli harakatlanmasa, varrakning uchmasligi ehtimoli yuqori;
-
4-7 km/soat — kuchsiz shamol bo‘lib, uchirish uchun yugurib kelish talab etilishi mumkin;
-
7-18 km/soat — agar barglar biroz silkinsa, shamol yaxshi;
-
18-30 km/soat — kuchli shamol, varrak uchadi, lekin uni ushlab turish qiyinroq bo‘ladi;
-
30 km/soatdan yuqori — agar daraxt shoxlari egilayotgan bo‘lsa, shamol juda kuchli bo‘lishi mumkin.
E’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar:
-
mustahkamlik: agar varrak o‘z shaklini saqlab qolsa va ko‘chib ketmasa, u uchishga tayyor;
-
og‘irlik markazi siljimagan: dum to‘g‘ri markazda joylashadi, yon tomonlardagi tasmalar og‘irligi bir xil, ip esa qurilmaning markazi bo‘ylab birlashtiriladi;
-
varrakning qog‘ozdan yasalgan “tanasi” shikastlanmagan bo‘lishi va shamol ta’siriga bardosh berishi lozim;
-
ipning uzunligi: u varrakning osmondagi mitti nuqtaga aylanishi uchun yetarli;
-
tabiiy ashyolardan: varrak shamol kuchiga bardosh bera olmagan taqdirda ham, ular atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadi.